26 noyabr kuni8:05 da Shahrisabz-Qarshi avtomobil yo‘lida Lacetti avtomobili va ZIL-131 harbiy yuk mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. to‘qnashuv natijasida uch kishi halok bo‘ldi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmatidan «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, avariya bugun erta tongda ko‘tarilgan Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘quv trevogasi vaqtida sodir bo‘lgan.

Mudofaa vazirligi rejasiga ko‘ra, harbiy avtomobillar kolonnasi o‘quvlar o‘tkaziladigan hududga qarab yo‘l olgan. Yuqorida keltirib o‘tilgan trassani harbiy avtomobil inspeksiyasi xodimlari nazorat qilayotgan bo‘lgan. Inspektorlarning harakatni taqiqlovchi buyrug‘iga qaramasdan Lacetti avtomobili (davlat raqami — 70U110MA) harakatni davom ettirgan va ZIL-131 harbiy yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

«Uch kishi — Lacetti haydovchisi va ikki yo‘lovchisi halok bo‘ldi, yengil avtomobilning yana bir yo‘lovchisi jarohatlandi», — deya xabar qildi matbuot xizmati.

Jabrlanuvchiga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, uning holati barqaror va hayotiga hech qanday xavf yo‘q.