O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Google kompaniyasi va Google Developers Group (GDG)ning Toshkent guruhi tomonidan GDG-DEVFEST dasturchilar festivali o‘tkazildi, deya xabar berdi O‘zA.

Mazkur tadbirda soha mutaxassislari, dasturchilar, IT-mutaxassislari, sohadagi yangi texnologiya va loyihalar bilan qiziquvchi yoshlar ishtirok etdi.

Mazkur dasturchilar festivali Google Developers Group (GDG)ning loyihalaridan biri bo‘lib, O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar Google kompaniyasining so‘nggi yillardagi eng zamonaviy texnologiyalari va ishlanmalari bilan tanishdi.


«Fastival doirasida axborot texnologiyalarining turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan ma’ruza va mahorat darslarida 500 ga yaqin yoshlarni qamrab olishni rejalashtirdik, — dedi „Google Developers Group“ (GDG)ning Toshkent guruhi rahbari Nuriddin Iminoxunov.- Mashg‘ulotlarga xorijlik mutaxassislar ham taklif etilgan bo‘lib, ular yoshlarga sohadagi yangiliklar, uchrayotgan muammolar yuzasidan atroflicha ma’lumot beradi. Kelgusida mamlakatimizning barcha hududlaridagi yosh iqtidorli dasturchilarni o‘z atrofimizga jamlagan holda axborot texnologiyalari sohasida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqchimiz».

Tadbirda malakali mutaxassislar ishtirokida blokcheyndan foydalanish, mobil ilovalarni yaratish, VR/AR texnologiyalarini biznes sohasida qo‘llash va boshqa shu kabi mavzularda ochiq muloqotlar o‘tkazdi.

«Bugun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vakillari bilan tanishib, o‘z bilim va ko‘nikmalarimizni yana boyitdik, — dedi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti biotibbiyot muhandisligi kafedrasi assistenti Yulduzxon Kamolova. — Eshitishida va gapirishida nuqsoni bor bolalar uchun „Uy logopedi“ dasturiy ta’minotini yaratganman. Ushbu amaliyot xorijda qo‘llanilayotgan bo‘lsa ham yurtimizga endi joriy qilinmoqda. Dastur mamlakatimizning eng chekka hududlarida logoped va defektolog mashg‘ulotlariga qatnashishga muhtoj oilalarga uy sharoitida shug‘ullanishga yordam beradi».