AQSHning Atlantik-Siti shahrida bo‘lib o‘tgan professional boks oqshomida uch nafar o‘zbekistonlik bokschilar ringga ko‘tarildi va uchchalasi ham raqiblarini muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Oqshom janglarida o‘zbekistonlik bokschilardan birinchi bo‘lib buxorolik Shahram G‘iyosov ringga ko‘tarildi. Shu kungacha professional boksda beshta jang o‘tkazib, uning to‘rttasida muddatidan oldin yutuqni qo‘lga kiritgandi. Meksikalik Migel Zamudioga qarshi bu galgi reyting jangi ham O‘zbekiston vakilining to‘la ustunligida o‘tdi.

Shahram sakkiz raundga mo‘ljallangan jangning birinchi raundidayoq raqibini nokautga uchratdi. Shahramning zarbalaridan o‘ziga kela olmagan va ikki bor vaqt cho‘zilmaganligini inobatga olmaganda birinchi raundning 47-soniyasida bosh hakam jangni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa Shahram G‘iyosov faoliyatidagi oltinchi g‘alabasini tantana qildi.

Jang videosi

Professional boksdagi debyutini nishonlagan Isroil Madrimov chempionlik kamari uchun meksikalik Vladimir Ernandesga qarshi ringga ko‘tariladi va tinimsiz ustunligiga qaramay oltinchi raunda raqibini taslim eta oldi. Isroil professional ringdagi ilk jangini meksikalik Vladimir Ernandesga qarshi o‘tkazdi.

10 raundga mo‘ljallangan jangning oltinchi raundida o‘zbek sportchisi raqibini nokautga uchratdi va prof ringdagi faoliyatini g‘alaba bilan boshladi. Bokschi ushbu g‘alaba orqali debyut jangidayoq WBA Intercontinental kamariga ega chiqdi. Isroilning raqibi ham ancha tajribali hisoblanadi. Ernandes prof boksda 13 ta jang o‘tkazib, 10 tasida g‘alaba qozongan. Oltita jangda raqiblarini nokautga uchratgan. Madrimovga qarshi jangda u uchinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.

Jang videosi

Murodjon Ahmadaliyev esa o‘ziga tegishli bo‘lgan WBA International chempionlik kamarini amerikalik Isaak Zaratedan himoya qildi.

Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni Murodjon Ahmadaliyev professional boksdagi beshinchi jangini ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi va kutilganidek u ham g‘alabasini nishonladi. 10 raundga mo‘ljallangan jangning barcha raundlarini faol o‘tkazgan Murodjon to‘qqizinchi raundga kelib raqibini nokautga uchratdi.

Ahmadaliyev professional faoliyati davomida bugungisi bilan qo‘shib hisoblaganda besh marotaba ringga chiqqan va ularning barchasida g‘alaba qozongan. Janglarining to‘rttasini nokaut evaziga o‘z foydasiga hal qilgan. Uning bugungi raqibi Zarate esa 23 ta jang o‘tkazib, 16 ta g‘alabaga erishgan. Uchta jangda durang qayd etilgan va yana 4 ta bahsda mag‘lubiyatga uchragan.

Jang videosi