O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida «Baratov Sanjar» fermer xo‘jaligi rahbari Sanjar Baratovning 6 noyabr kuni o‘z joniga qasd qilishi holati bo‘yicha to‘liq tafsilotlarni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, fuqaro Sanjar Baratov 6 noyabr kuni soat taxminan 11:30 larda yashash xonadonining qo‘shimcha qurilgan omborxonadasida arqon bilan o‘zini-o‘zi osib, o‘z joniga qasd qilishi natijasida voqea joyida vafot etgan.

Internet ijtimoiy tarmoqlarida Sanjar Baratovning o‘z joniga qasd qilishiga Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan mol-mulklari musodara qilingai sabab bo‘lgan ko‘rsatilgan. Shunga asosan, MIB xodimlari tomonidan fuqaroning uyida o‘tkazilgan ijro harakatlarining qonuniyligi o‘rganildi.

O‘rganishda S.Baratov 2017 yil hosildorligi uchun ajratilgan 104,6 mln imtiyozli kreditdan ATB «Agrobank» tuman filialidan 58,1 mln so‘mlik qarzdorligi mavjud bo‘lgani, Do‘stlik tumanlararo iqtisodiy sudining 2017 yil 25 dekabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, fermer xo‘jaligi hisobidan ATB «Agrobank» Do‘stlik tumani filiali foydasiga 58,1 mln so‘m undirish belgilangan.

Sudning mazkur qarori 26 yanvardagi ijro varaqasi bilan majburiy ijro byurosining Do‘stlik tumani bo‘limiga kelib tushgan. Davlat ijrochisi Sh. A. 22 fevral kuni ish yurituvga olgan va qarzdor S.Baratovga qarzdorlikni to‘lash uchun 5 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan biroq, qarzdorlik to‘lab berilmagan.

Ijroni ta’minlash maqsadida MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘ining 20 oktyabrdagi buyrug‘iga asosan 27 oktyabr kuni byuroning Jizzax shahar bo‘limi davlat ijrochilari Sh. M. va O.K. qarzdor S.Baratovning yashash xonadoniga xolislar D.Ya. va D.N. bilan birgalikda borgan va qarzdorning uyidan onasi G. B. ishtirokida o‘lchami 3×4 metr bo‘lgan 1 dona gilam dalolatnomaga asosan rasmiylashtirib olingan.

Ushbu gilam fermer xo‘jaligi balansida bo‘lmagani aniqlanib, 8 noyabr kuni Sanjar Baratovning oila a’zolariga qaytarilgan.

Bundan tashqari, Do‘stlik tumanlararo iqtisodiy sudining 24 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra «Baratov Sanjar» FX hisobidan ATB «Agrobank» Do‘stlik tumani filiali foydasiga 220,1 mln so‘m undirish belgilangan.

O‘rganishda Baratov 2018 yil hosildorligi uchun ajratilgan 271,6 mln imtiyozli kreditdan ATB «Agrobank» tuman filialidan 220,1 mln so‘mlik qarzdorligi mavjud bo‘lgani aniqlangan.

Sudning mazkur qarori 24 oktyabrdagi ijro varaqasi bilan majburiy ijro byurosining Do‘stlik tumani bo‘limiga kelib tushadi va davlat ijrochisi Sh. A. 24 oktyabrda ish yurituvga olib, qarzdorga qarzdorlikni to‘lash uchun 15 kunlik ixtiyoriy muddat berish yuzasidan ijro ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Mazkur ijro ishi yuzasidan xizmat safariga yuborilgan MIB Jizzax shahar bo‘limi davlat ijrochilari T.N. va X.M. 5 noyabrda qarzdorning uyiga ajrim bilan tanishtirish va uning ijrosini ta’minlash uchun borganida qarzdor uyida bo‘lmagani sababli uning onasi G. B.ga qarzdorlikni to‘lashi yuzasidan tushuntirish berilgan.

Bundan tashqari tergovga qadar tekshirishda, «Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 28 fevraldagi prezident qarorining 3-bandida belgilangan paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining 2018 yil 1 yanvar holatiga qarzdorliklarini to‘lash muddati 3 yilga uzaytirilishi haqidagi talablari va «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi qonun talablariga rioya qilinganligini o‘rganish maqsadida MIB Jizzax viloyati boshqarmasiga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, prezident qarorida 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining hosil bo‘lgan qarzlari, shu jumladan, ichki tarmoq qarzdorligi hamda byudjet va davlat maqsadli jamg‘armalari oldidagi qarzlarini to‘lash muddati hisoblangan penya va jarimalar hisobdan chiqarilgan holda 3 yil muddatga uzaytirilganligi ko‘rsatilganligi, qaror bilan fermer xo‘jaliklarining bank oldidagi qarzdorligini to‘lash muddati kechiktirilmaganligi, har ikkala ijro ishi yuzasidan davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida qonun normalari buzilgani aniqlanmagan.

Ushbu holat yuzasidan tushuntirish bergan marhumning onasi G. B. davlat ijrochilari yashash xonadoniga ikki marotaba kelgani, har ikkala holatda ham marhum o‘g‘li S.Baratov uyda bo‘lmagani, ijrochilar tomonidan ruhiy yoki jismoniy tazyiq o‘tkazilmagan, ijro harakatlari davomida ijrochilar tomonidan 27 oktyabrda bir dona 3×4 metr o‘lchamdagi gilam olinib, 8 noyabr kuni qaytarib berilgani, xonadonidan boshqa narsa olib chiqib ketilmaganini bildirgan.

Ushbu holatni marhumning otasi, ukasi, turmush o‘rtog‘i ham tasdiqlab, shu mazmunda tushuntirish berishgan.

Hozirda tergovga qadar tekshiruv Do‘stlik tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda, uning borishi bir oyga uzaytirilgan.