24 noyabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Xorijiy mutaxassislar bilan mehnat shartnomalari (kontraktlar) tuzish to‘g‘risida ish beruvchining takliflarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Ekspert komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA vazirlik matbuot xizmatiga tayanib.

Yig‘ilishni Jismoniy tarbiya va sport vaziri, ekspert komissiyasi raisi Dilmurod Nabiyev olib bordi va kun tartibidagi masala sifatida og‘ir atletika, sport kurashlari, taekvondo WTF va gimnastika sport turlari bo‘yicha federatsiyalar (assotsiatsiyasi) tomonidan taklif qilinayotgan xorijlik murabbiy nomzodlar bilan shartnomalar tuzish masalasi muhokama qilindi.

«Xorijlik murabbiylarni jalb etishda ayrim sport turlari bilangina cheklanib qolmasligimiz lozim. Ayniqsa, malakali mutaxassislar tanqis va yetarli natijalarga erishilmayotgan sport turlari bo‘yicha malakali xorijlik mutaxassislarni jalb etishimiz kerak bo‘ladi. Yangi shartnoma tuzilayotgan xorijiy mutaxassislar tajribasidan 2020 yil Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan 32-yozgi Olimpiya o‘yinlariga munosib sportchilarni tayyorlash borasida unumli foydalanish zarur.» — dedi Dilmurod Nabiyev.

Yakunda yunon-rum kurashi bo‘yicha gruziyalik trener Zaza Silagadze, gimnastika bo‘yicha rossiyalik trener Yekaterina Pirojkova va og‘ir atletika bo‘yicha turkmanistonlik trener Artur Emiryan bilan shartnoma tuzishga qaror qilindi.