O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi bitiruvchilarni axborot texnologiyalari sohasidagi kasblar uchun zarur bo‘lgan dastlabki ko‘nikmalarga ega holda tayyorlash maqsadida informatika bo‘yicha maktab ta’lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan IT-Nation loyihasini amalga oshirishga kirishdi. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov shanba kuni GDG-Tashkent — DevFest festivali ochilishida ma’lum qildi.

Axborot texnologiyalari sohasi dunyoda eng tezkorlik bilan rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri bo‘lib, O‘zbekiston ham AKT sohasida dasturlar va xizmatlarni ishlab chiqarish va eksport qilishga qodir mutaxassislarni tayyorlashga e’tibor qaratishi lozim, dedi vazir. Shuni hisobga olgan holda XTV informatika bo‘yicha o‘quv dasturlari va darsliklarni zamon talablariga moslik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishni boshladi.

IT-industriya yoshlarga maktabni bitirganidan so‘ng mamlakatni tark etmagan holda internet orqali ish topish va munosib pul ishlashlari uchun katta imkoniyatlarni taqdim etishi mumkin. Hozirda bir qancha universitetlar mazkur sohada mutaxassislar tayyorlamoqda, biroq xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, bolalarga dasturlash asoslarini maktabdanoq o‘rgatish lozim, dedi XTV rahbari.

«Hozirda o‘quv dasturlari dasturchilarni emas, balki tayyor dasturiy ta’minot foydalanuvchilarini tayyorlashga qaratilgan. IT-Nation loyihasi maqsadi — mazkur vaziyatni o‘zgartirish va bo‘lg‘usi dasturchilarni tayyorlash, bo‘lg‘usi kasbni o‘zlashtirish uchun imkoniyatlar yaratishdan iborat», — dedi vazir.

Sherzod Shermatov IT-hamjamiyatni informatika bo‘yicha o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqishda ishtirok etishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, soha vakillari 5−10 yildan keyin qanday mutaxassislar va qanday ko‘nikmalarga talab bo‘lishini yaxshi biladi. IT-sohalar vakillari ishchi guruh tarkibiga kirishlari yoki o‘z taklif va g‘oyalarini informatikauz@gmail.com va informatika@xtv.uz elektron pochtalariga yuborishlari mumkin.

Vazir yoshlarni o‘z oldilariga ulkan maqsadlar qo‘yishga chaqirib, besh yil muqaddam O‘zbekistondagi eng yaxshi OTMlardan biriga aylantirishni maqsad qilib tashkil etilgan Toshkentdagi Inha universitetidan misol keltirdi. Bugun universitet eng yaxshi abituriyentlar intiladigan joyga aylandi.

DevFest, bu — Google kompaniyasi ko‘magida Google Developers Group hamjamiyati o‘tkazadigan global tadbir. Uning doirasida dasturchilar, IT-mutaxassislar, talabalar va zamonaviy texnologiyalarga befarq bo‘lmagan insonlar ishtirokida Google`ning so‘nggi texnologiyalari va ishlanmalari taqdimotlari hamda muhokamalari bo‘lib o‘tadi.

GDG-Tashkent — DevFest festivali GDG Tashkent guruhi, Toshkentdagi Inha universiteti hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan Google, AT va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekistondagi BMTTD ko‘magida o‘tkazilmoqda.