18−21 noyabr kunlari O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor D.Nazarmuxamedov boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Interpol Bosh Assambleyasining 87-sessiyasida qatnashdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Tadbirda Interpolga a’zo davlatlardan tashrif buyurgan 1000 dan ortiq delegatlar hamda politsiya organlarining 85 nafar turli darajadagi rahbarlari ishtirok etdi.

Unda Jinoyat qidiruv politsiyasining xalqaro tashkiloti (Interpol)ning Bosh kotibi Yurgen Shtok so‘zga chiqib, turli tahdidlar va xavflar mavjud bo‘lgan hozirgi paytda mazkur tashkilotning o‘rni tobora ortib borayotganini aytib o‘tdi.

Bosh Assambleya ishtirokchilari kun tartibi loyihasini tasdiqlagach, tadbir o‘z faoliyatini boshladi. Dastavval rejalashtirilgan jadvalga muvofiq, 18 noyabr kuni Assambleya doirasida delegatsiyamiz rahbari, general-mayor D.Nazarmuxamedov bilan Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vaziri, shayx Saif bin Zayed Al Naxayan oliy hazratlari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida Al Naxayan O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Arab Amirliklari uchun do‘st va qardosh mamlakatlar ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Tadbir chog‘ida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor D.Nazarmuxamedov respublika IIV tomonidan davlatlar ichki ishlar organlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik asosi sifatida O‘zbekiston IIV va Birlashgan Arab Amirliklari IIV o‘rtasidagi hamjihatlik to‘g‘risidagi Memorandum loyihasi tayyorlanib, shayx Al Naxayan tomonidan ma’qullangandan so‘ng, Birlashgan Arab Amirliklari IIV Protokol xizmati rahbari Said Al Nayimiga topshirilganini qayd etdi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar hamkorlik borasida bir qator kelishuvlarni qabul qilishdi.

Shu kuni delegatsiyasi a’zolari BAA IIV Bosh inspektori, general-mayor Ahmad Nosir al-Raisi bilan uchrashdi. BAA delegatsiyasi rahbari Interpol Ijroiya qo‘mitasi saylovlarida uning nomzodini qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston IIVga minnatdorlik bildirdi hamda Interpol Ijroiya qo‘mitasidagi faoliyati davomida O‘zbekistonning barcha takliflari va kelgusidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. O‘z o‘rnida, D.Nazarmuxamedov jinoyatchilikka qarshi kurashish va shaxslarni qidirishda mamlakatning ichki ishlar organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun tashakkur bildirdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari bir qator yaqin hamda uzoq xorij mamlakatlaridagi hamkasblari bilan uchrashib, o‘zaro ishchan va samarali muzokaralar olib borishdi. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tashabbusi va taklifi bilan Interpol Bosh kotibi Yurgen Shtok bilan ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi.

Interpol Bosh kotibi davlatimiz delegatsiyasi a’zolarini Interpolning bir qator tadbirlarini, jumladan, seminar va treninglarni o‘tkazishga oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Suhbat davomida tomonlar Interpol oldida turgan dolzarb vazifalarni muhokama qilindi.

Tadbir kun tartibiga ko‘ra, delegatsiya rahbari Turkiya IIV delegatsiyasi rahbari Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Mexmet Ersoy bilan ham uchrashdi. Do‘stona va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan suhbat jarayonida tomonlar terrorizm va ekstremizm, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda axborot almashinuvi, uyushgan jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurashish hamda qidiruv faoliyati sohasida tomonlarning o‘zaro hamkorligi va uni takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.