O‘zbekiston bank sektorini xususiylashtirishni hamda imtiyozli kreditlash shakl va mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqishni boshlaydi, deya xabar qildi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov shanba kuni 2019 yilda va 2020−2021 yillar davomida monetar siyosatning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan boshqaruv yig‘ilishida. Yig‘ilish ilk bor ochiq shaklda o‘tkazildi.

MB rahbarining qayd etishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga payshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida banklarni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq bergan.

«Banklar ustav kapitalidagi 86 foizlik davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirib boramiz. Bu davlat darhol o‘z ulushini sotadi, degani emas… Agarda biz hozirdanoq sotishga kirishsak, O‘zbekistonda sotib olish uchun bunday kapital yo‘q, bunday jamg‘arma yo‘q. Bosqichma-bosqich banklarni sog‘lomlashtiramiz, moliyaviy holati, kreditlar sifatini yaxshilaymiz, undan keyin esa sotishni boshlaymiz», — dedi Mamarizo Nurmurodov.

«Gazeta.uz» so‘rov o‘tkazgan ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston o‘tgan ikki yilda banklar ustav kapitaliga qariyb 1 mlrd dollar mablag‘ kiritdi. Respublikada hozirda ko‘rsatilgan ulushning hatto yarmini ham sotib olishga qodir xususiy mablag‘lar yo‘q, xorijiy investorlarni jalb qilish uchun esa banklar moliyaviy holati, ularning reytingi yaxshilanishi, «xaridor e’tiborini tortishga arziydigan» qiyofaga keltirilishi lozim.

Ayni paytda banklarni xususiylashtirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqilmoqda, deya qayd etdi Mamarizo Nurmurodov. «Bu yil biz hukumat resurslarini [jalb qilishni] xohlamaymiz, biz banklar o‘z resurslarini berishlarini istaymiz, biroq bozor munosabatlari asosida. Bu darhol sodir bo‘lmaydi. birinchi navbatda biz 25 yil davomida imtiyozli kredit olgan tadbirkorlarimizni tayyorlashimiz kerak, endi imtiyozli kreditlash bo‘lmaydi», — dedi u.

Bu imtiyozli kreditlar taqdim etish shak va mexanizmlari qayta ko‘rib chiqilishi, tijoriy banklar va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlar esa bozor mexanizmlariga yaqinlashtirilishidan dalolat beradi.