O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov hamda Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakil Federiko Mogerini sherikchilik va hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshladi, deya xabar qildi YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati.

«Oxirgi yilda ikki marta O‘zbekistonda bo‘lib, mamlakatda olib borilayotgan keng miqyosli islohotlar hamda mintaqa rivojidagi O‘zbekistonning konstruktiv roliga shaxsan guvoh bo‘ldim, — dedi Federiko Mogerini. — Bugun biz Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirishga birgalikda tarafdor ekanimizni qat’iy namoyish etmoqdamiz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi bitim Yevroittifoqqa O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda umumiy xatolar ustida birgalikda ishlashga imkon beradi.

Bo‘lg‘usi bitim 1999 yil 1 iyulda imzolangan amaldagi kelishuv o‘rnini egallaydi. Uning siyosiy hamkorlik, savdo va investitsion aloqalar, barqaror rivojlanish va o‘zaro aloqalar hamda inson huquqlari va boshqaruv sohalariga qaratilishi kutilmoqda.

Istiqboldagi bitimni imzolash jarayonni jadallashtirishga qaratilgan asosiy muzokaralar 2019 yil avvalida boshlanadi.