Qonunchilik palatasi deputatlari 22 noyabr kuni xalqaro shartnomalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratirilgan, jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, valyutaning noqonuniy oboroti uchun javobgarlikni kuchaytirish hamda qurilish qoidalarini buzish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Bu haqda Norma.uz saytida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi materiallari asosida tayyorlangan maqolada aytib o‘tildi.

«O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. 1995 yilda qabul qilingan amaldagi tahriridan farqli ravishda, loyiha matni «tushunchalar apparati» bilan to‘ldirildi. Bundan tashqari, loyihada xalqaro shartnomalarni huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, ekologik va lingvistik, shuningdek, boshqa turdagi ekspertizadan o‘tkazish mexanizmlari belgilandi. TIV tomonidan xalqaro shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha monitoring olib borish mexanizmi kengaytirildi. Yuridik majburiyat yuklovchi hujjat bo‘lmagan xalqaro aktlarning (deklaratsiya, qo‘shma bayonot, anglashuv memorandumi va boshqalar) huquqiy holati belgilandi.

«Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi deputatlarning diqqat markazida bo‘ldi. Hujjat JPKning 270-moddasi ijrosini tartibga soluvchi normalar mavjud emasligi bilan bog‘liq qonunchilikdagi nuqsonni bartaraf etishga qaratilgan. Jabrlanuvchi, guvoh yoki ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga, shuningdek, ularning oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlariga o‘ldirish, kuch ishlatish, mol-mulkini yo‘q qilib tashlash yoxud mol-mulkiga shikast yetkazish bilan yoki o‘zga g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinyapti, deyish uchun yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda bu shaxslarning hayoti, salomatligi, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulkini muhofaza qilish, aybdorlarni aniqlash hamda ularni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish haqida so‘z bormoqda. Loyihada vakolatli organlar tomonidan jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan shaxsni qo‘riqlash, turar joy va boshqa mol-mulkni asrash, ularga individual himoya vositalarini va texnik vositalarni berish, vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirish, boshqa yashash joyiga ko‘chirish, ish (xizmat) yoki o‘qish joyini o‘zgartirish, hujjatlarini almashtirib turish kabi xavfsizlik choralarining qo‘llanilishi borasidagi normalar aniq belgilab qo‘yilmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 170-moddasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi. Unda valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish uchun jazo choralarini belgilash hamda jarimalar miqdorini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Biroq deputatlar MJTKning 99 va 160-moddalariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflari inobatga olinmagan «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamadilar. Qurilish sohasida huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish, shuningdek ushbu huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.