Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan poytaxtdagi «Malika» savdo majmuasidagi do‘konda o‘g‘irlik sodir etilgani haqida videoyozuv yuzasidan rasman bayonot berdi. IIBB matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan bir guruh shaxslar «qaynoq izlar asosida» qo‘lga olingan.


Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 169-moddasi («O‘g‘irlik») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda. Jarayonda gumondorlarning boshqa xuddi shu kabi jinoyatlarga aloqadorligi, shuningdek jinoyatni sodir etishga olib kelgan sabablar va sharoitlar, gumondorlarning huquqbuzarlik sodir etishga yetaklagan vajlar o‘rganiladi.


Poytaxt IIBB tadbirkorlarni mol-mulkni saqlashda bee’tibor bo‘lmaslikka chaqirib va xavfsizlik choralari uchun boshqarmaning ob’ektlarni qo‘riqlash bo‘yicha xizmatlaridan foydalanishni taklif etdi.