O‘zbekistonda qariyb 23 ming fuqaroning noqonuniy ravishda qurilgan uy-joylariga kadastr hujjatlari tayyorlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i Xudoyor Meliyev O‘zAga ma’lum qildi.

Kadastr hujjatlarini tayyorlash ishlari O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan «Huquqiy axborot kunlari"da adliya bo‘limlarining bevosita ko‘magida amalga oshirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyani o‘tkazish to‘g‘risida"gi farmonni имзолаганэди.

Prezident farmoniga ko‘ra, 2019 yil 1 mayga qadar mazkur hujjat qabul qilingan vaqtdan oldin qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtiriladi.

«Huquqiy axborot kunlari"da, shuningde, 10 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqilib, hal etildi. Jismoniy shaxslarning mehnat nizolari, shu jumladan, oylik ish haqini olish masalasida qilgan 1881 shikoyat o‘z vaqtida qanoatlantirildi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatida sudlarga 14,8 mlrd so‘mlik da’vo arizalari kiritilgan bo‘lsa, shu kungacha ularning yarmidan ko‘pi qanoatlantirilgan.

Adliya bo‘limlari tomonidan ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasida 196 muammoli holat joyida bartaraf etildi, vakolatli organlarga 32 taqdimnoma, 788 ogohnoma, 11 taklif hamda boshqa choralar kiritildi.