O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 noyabr kuni bank tizimini isloh qilish va banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, hududlar va tadbirkorlikni rivojlantirishda tijorat banklari rolini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda bank tizimida ijobiy natijalar bilan birga, qator muammolar ham borligi qayd etildi. Joriy yilda prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga bank sohasi bo‘yicha 24 mingdan ziyod murojaat bo‘lgani shundan dalolat beradi.

Videoselektorda muammoli kreditlar masalasi muhokama qilindi. Bunday kreditlar jami kreditlarning 1,8 foizidan kam bo‘lsa-da, yil boshiga nisbatan oshgani qayd qilindi. Hududlar kesimida muammoli kreditlarning 76 foizi Toshkent shahriga, 5 foizi Qashqadaryo, 3 foizi Buxoro viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, hokimliklar va tarmoqlar tomonidan ayrim loyihalar puxta ishlab chiqilmagani oqibatida bir qator ob’ektlar o‘z vaqtida ishga tushmagani va kreditlar qaytishi cho‘zilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kredit mablag‘lari ajratilgan ayrim investitsiya loyihalari haligacha boshlanmagani tanqid qilindi.


Uy-joy fondini ta’mirlash va turar joy binolarini barpo etishga qaytarish manbalari va imkoniyatlari to‘liq o‘rganilmasdan kredit ajratilishi natijasida umidsiz qarzlar ko‘paymoqda. Masalan, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi bo‘yicha katta miqdorda muammoli kreditlar mavjud. Ulardan eng ko‘pi — Toshkent shahrida 32 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyatida 27 milliard so‘m, Andijon viloyatida qariyb 20 milliard so‘m va Buxoro viloyatida 14 milliard so‘mdir.

Davlat rahbari muammoli kreditlarni qaytarish banklarning imkoniyatlarini yanada kengaytirishini, ularni undirish bo‘yicha banklar, qarzdor korxonalar, kompaniya va uyushmalar, hududlar rahbarlari birgalikda ish olib borishi zarurligini ta’kidladi.

Banklarning kredit uchun resurslar jamlashdagi faolligi ham yetarli emas. Aholi va yuridik shaxslarning bo‘sh mablag‘larini bank depozitlariga, birinchi navbatda, muddatli va jamg‘arib boriladigan depozitlarga jalb qilish banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash imkonini beradi.

Prezident tijorat banklari tomonidan xalqaro moliya institutlari kredit liniyalarini yanada ko‘proq jalb etish va ularni to‘liq o‘zlashtirishni faollashtirish lozimligini qayd etdi.

Tijorat banklari ustav kapitali asosan davlat ulushi hisobiga oshirilib, xususiy sektor mablag‘lari deyarli yo‘naltirilmagani jiddiy tanqid qilindi.

O‘tgan ikki yilda davlat tomonidan banklarning kapitaliga qariyb 1 milliard dollar miqdorida mablag‘lar ajratilgan. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan davlat ulushiga ega deyarli barcha banklar, jumladan, «Qishloq qurilish bank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka» bank, «Agrobank», «Mikrokreditbank», «Aloqabank» va «Ipoteka-bank» ustav kapitalida jismoniy va yuridik shaxslarning aksiyalari ulushi keskin kamaygan. Shuning uchun xususiy sektor mablag‘larini banklarning ustav kapitaliga faol jalb etish kerakligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda tijorat banklarining kuzatuv kengashlari banklarning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash va faoliyatini yaxshilash bo‘yicha kutilganidek ishlamayotganiga e’tibor qaratilib, Markaziy bank, Iqtisodiyot vazirligi davlat tasarrufidagi banklarning kuzatuv kengashlari faoliyatini tanqidiy o‘rgangan holda, ular tarkibini tubdan qayta ko‘rib chiqishi va samaradorligini oshirishi bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Mamlakat moliya muassasalari faoliyatini takomillashtirish uchun xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida mikrokreditlar hajmini keskin oshirish, ularni ajratish tartibini soddalashtirish zarurligini ta’kidladi.