«Yandeks Taksi» 2019 yilning birinchi choragidan O‘zbekistonda Uzcard orqali to‘lovlarni naqd pulsiz qabul qilishni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Yandeks Taksi"ning YeMEA va MDH mintaqasidagi direktori, xalqaro strategiya bo‘yicha direktor Aram Sargsyan «Gazeta.uz"ga xabar qildi.


Naqd pulsiz to‘lovni joriy etish bo‘yicha ishlarning katta qismi yakunlangan, dedi u, biroq «muammo shundaki, [O‘zbekistondagi kartalarning] 90 foizdan ortiq qismi — Uzcard. Bizning servisimiz allaqachon Visa va MasterCard bilan ishlay oladi va biz ertagayoq mamlakatda naqd pulsiz to‘lovni joriy etishimiz mumkin. Biroq ularning ulushi shu qadar kichikki, aholining katta qismi baribir bu imkoniyatdan foydalana olmaydi», — deya aniqlik kiritdi u.

Aram Sargsyanning so‘zlariga ko‘ra, «Yandeks Taksi» mamlakatda xizmatni ishga tushirishdan avvalroq Uzcard`ni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari haqida o‘ylashni boshlagan edi.

Biroq, uning aytishicha, muammo shundaki, Uzcard Visa va MasterCard standartlaridan farq qiluvchi identifikatsiya uslubini talab qiladi. Mazkur kartalarga CVC-kod joylashtirilgan — bu to‘lov tizimida foydalanuvchilarni identifikatsiyalash uchun himoya kodi. Uning yordamida karta mobil ilovaga bog‘lanadi.

«Lokal kartalarni qo‘llab-quvvatlay olishi uchun mobil ilovani O‘zbekiston uchun alohida qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Bu qilinayapti. O‘ylaymanki, bu yilda emas, biroq [2019 yilning birinchi choragida] biz aniq uni ishga tushirishga ulgurishimiz kerak».