Isroilning Xolon texnologiya instituti (HIT) prezidenti, professor Eduard Yakubov boshchiligidagi delegatsiya Xalq ta’limi vazirligiga tashrif buyurdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov Isroil delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuv davomida u vazirlikning ta’lim sohasini isloh etish bo‘yicha say-harakatlari haqida isroillik mehmonlarga ma’lumot berdi. Ta’kidlandiki, hozirda o‘quv dasturlari va darsliklarni qayta ko‘rib chiqish ishlari boshlandi.

Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari vazirlik ta’lim sohasidagi rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish bo‘yicha ish olib borilayotgani haqida aytib o‘tar ekan, Isroilning STEAM fanlari va AKT yo‘nalishlarida o‘qitish bo‘yicha tajribasi qiziqligini qayd etdi.

O‘zbekiston tomoni matematika, fizika va boshqa fanlar bo‘yicha darsliklarini mamlakatimizda moslashtirish uchun o‘rganib chiqish istagi borligi ta’kidlandi.

Tomonlar O‘zbekiston milliy universiteti bilan hamkorlikda fizika-matematika va texnologiyalarga ixtisoslashgan zamonaviy maktab tashkil etish hamda o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarini muhokama etdilar.

Eduard Yakubov Isroil O‘zbekiston bilan ta’lim tizimida hamkorlik o‘rnatishga qiziqishi borligini aytdi va o‘z tajribasini o‘rtoqlashishga tayyorligini ta’kidladi. U Xalq ta’limi vazirligi vakillarini Isroilga ta’lim tizimini o‘rganish va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun tashrif buyurishga taklif etdi.

HIT prezidenti Isroilning ta’lim tizimini rivojlantirish, jumladan, aniq fanlar va texnologiya yo‘nalishlari bo‘yicha ilg‘or tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Isroil delegatsiyasi O‘zbekistonda maktab infratuzilmasini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilashga qo‘shimcha mablag‘ jalb etish uchun maktab fondi MFond tashkil etilgani haqida ma’lumot oldi. O‘zbekiston maktablaridan birini bitirgan HIT prezidenti, professor Eduard Yakubov MFond orqali o‘z maktabiga moliyaviy ko‘mak berish istagi borligini qayd etdi.