O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida sportchilar ishtirokida tartibsizliklarni, jinoiy holatlarni oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbir tashkil etildi. Unda Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov, MOQ birinchi vitse-prezidenti Nazirjon Xudoyqulov, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mutasaddilari, sport federatsiyalari vakillari, murabbiylar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir davomida sportchilar ishtirokida sodir bo‘layotgan ko‘ngilsiz xodisalar, jinoyatlar misol qilib keltirildi. Sportchilar imkon darajasida nazoratda ekanligi, ammo noolimpiya yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan ba’zi sportchilar e’tibordan chetda qolib ketayotgani qayd etildi. Mutasaddilar tomonidan federatsiya vakillari va murabbiylarga sportchilar uchun bu borada tushuntirish ishlarini olib borish lozimligi aytildi. Bunda albatta asosiy mas’uliyat murabbiylarga yuklatiladi.

Sportchilarga kuchni ko‘chada emas, mashg‘ulotlarda va musobaqalarda ko‘rsatishlari kerakligini aynan murabbiylar o‘z shogirdlariga tushuntirishlari kerakligi aytildi. Chunki, yosh sportchi ota-onadan ko‘ra, ko‘proq ustozining ko‘rsatmalariga amal qilishi ta’kidlandi. Agar murabbiylar bu borada mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yadigan bo‘lsalar, litsenziyadan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo qo‘llanilishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Uchrashuv davomida bunday holatlarni oldini olish bo‘yicha tegishli tavsiya va takliflar berildi, federatsiyalar vakillari o‘zlarining fikr va mulohazalarini bildirdilar. Jumladan, yoshlar sport bilan shug‘ullanish uchun kelganda mashg‘ulotlarda o‘rganadigan uslublarni sport zali va musobaqalardan boshqa joyda qo‘llamasliklari bo‘yicha tilxat olish lozimligi, faoliyatini yakunlagan sportchilar turli qing‘ir yo‘llarga kirib ketmasligi uchun ularni ish bilan ta’minlash kerakligi taklif sifatida aytib o‘tildi.

Rejaga ko‘ra kelajakda sportchi va murabbiylar uchun «Ma’naviyat kuni» tashkil qilinadi. Milliy olimpiya qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi bu borada yaqindan hamkorlik qiladi.