Kogon tumanidagi umumta’lim maktablaridan birining direktori Botir Topilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) va uning o‘rinbosari Olim Shirinovning mas’uliyatsizligi va sovuqqonligi oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi vafot etdi. Bu haqda Kogon tuman prokurorining o‘rinbosari Sodiqjon Jo‘rayevning «Huquq» gazetasi saytida e’lon qilingan maqolasida ma’lumot berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, B.Topilov mansab vakolatidan foydalanib, tanishi Turg‘un Soqiyevga tegishli, metalldan yasalgan savdo do‘konini maktab oldiga o‘rnatishga ruxsat beradi. Boisi, direktor do‘kon egasidan oyma-oy pul olib turishni maqsad qilgan edi. U sohaga oid qonun va hujjatlarga zid ravishda T.Soqiyev bilan ijara шарт­номаси ham rasmiylashtiradi. Shundan so‘ng do‘kon egasi elektr tarmog‘iga ulanib, faoliyat yuritishni boshlaydi. Fojiaga aynan do‘konga tortilgan elektr simi sabab bo‘ldi.

B.Topilov xo‘jalik ishlari bo‘yicha maktab direktori o‘rinbosari O.Shirinov bilan birga, do‘konga tortilgan elektrdan noqonuniy foydalanishni odat qiladi. Maktab hududida bo‘ladigan payvandlash va boshqa elektr energiyasi zarur bo‘ladigan ishlar uchun do‘konga tortilgan elektr simidan foydalaniladi. O‘sha safar ham maktab rahbarlari elektr simiga ulanib, undan qonunga xilof ravishda foydalanishdi. Keyin esa mas’uliyatsizlik qilib, simni tarmoqdan uzishni unutishdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, B.Topilovga maktab o‘quvchilarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, shu jumladan, maktab hududi va atrofida texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan edi. Ammo u o‘z vazifasiga loqayd munosabatda bo‘ldi.

Qarovsiz qoldirilgan elektr simi savdo do‘konining metall korpusiga tegishi natijasida korpusda elektr toki hosil bo‘ladi. 2017 yil 25 noyabr kuni ushbu do‘kon yonida o‘ynab yurgan birinchi sinf o‘quvchilari S.Norov va J.Ahadov bexosdan do‘kon korpusini ushlab olishadi. Oqibatda ularni elektr toki uradi.

Ikki o‘quvchining elektr toki urishi natijasida vafot etganliklari holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganda maktab direktori guvohlarni haqiqiy holatni yashirgan holda ko‘rsatma berishga majbur qiladi. Tergov jarayonida B.Topilovning qilmishlariga oydinlik kiritildi. U mas’uliyatsizlik qilib, ikki o‘quvchining o‘limiga sababchi bo‘lganini tan oldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudi hukmi bilan B.Topilov hamda uning o‘rinbosari O.Shirinovga tegishli jazo tayinlandi.




,