Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda yana bir zamonaviy sport inshooti bunyod etiladi. Ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internatida jahon standartlariga javob beradigan kamondan otish bazasining qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Kuni kecha Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov mazkur bazaning qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Mazkur sport inshooti qurib bitkazilganidan so‘ng, bu yerda xalqaro sport musobaqalari, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini ham o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Bazada sportchi va murabbiylar uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Kamondan otish federatsiyasi ham ana shu yerda joylashadi.

Inshoot shu yil oxirigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.