Andijon viloyati Izboskan tumani Ichki ishlar bo‘limi tezkor vakili Ilhom Haydarov ko‘chada noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklanishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Hodisa 21 noyabr kuni taxminan 21:00 da Haydarov (1989 y. t.) hamkasbi S.Ya. bilan xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda sodir bo‘ldi. Ular ko‘chada yetti erkak — Z. T., S. N., F. Yu., E. E., A. S., X. M. va A. J.ning shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida ulardan o‘zlarini tanishtirishni so‘raydi. Biroq A.J. ularning talabiga bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatib, telefon orqali ukasi S.J. va jiyani Z.Q.ni hodisa joyiga chaqirib, ular bilan birga S.Ya. va Ilhom Haydarovni kaltaklaydi. S.Ya. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan bo‘lsa, Haydarov hodisa joyida hayotdan ko‘z yumadi.

Mazkur holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan A.J., S.J. va Z.Q.larga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «g,l,p» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumondorlar ushlangan.