Germaniyaning Xermer shahrida istiqomat qiluvchi 18 yoshli yigit yangi olgan haydovchilik guvohnomasidan oradan 49 daqiqa o‘tib mahrum bo‘ldi, deya xabar qildi BBC rus xizmati.

Yigit haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, o‘z mashinasida uyiga qaytayotganida, belgilangan tezlikni ikki barobar oshirgani uchun politsiya tomonidan to‘xtatiladi.

Cheklangan tezlik soatiga 30 km etib belgilangan yo‘lda yosh haydovchi soatiga 60 km tezlikda harakatlangan.

«Boqiy davom etuvchi va bir soat ham cho‘zilmaydigan narsalar bor», — deyiladi mahalliy politsiya bo‘limining mazkur hodisa munosabati bilan bildirgan rasmiy bayonotida.

Politsiya mahkamasining aniqlik kiritishicha, mashinada yosh haydovchidan tashqari uning to‘rt nafar do‘sti ham bo‘lgan. Ehtimol u o‘z taassurotlarini do‘stlari bilan baham ko‘rmoqchi bo‘lgandir, deya taxmin qiladi politsiyachi.

Endilikda yosh haydovchini jiddiy jazo choralari kutmoqda. U haydovchilik guvohnomasini haydovchilik kursidan qayta o‘tganidan so‘ng olishi mumkin. Buning uchun esa avval to‘rt oy o‘tishi talab qilinadi.

Yo‘l harakati qoidalari buzuvchisi 200 yevro miqdorida jarima ham to‘laydi, uning boshlovchi haydovchi sifatidagi sinov davri esa ikki yildan to‘rt yilga uzaytiriladi. Sug‘urta qiymati ham oshiriladi.

Germaniya qonunchiligiga muvofiq, ilk bor haydovchilik guvohnomasini olgan fuqarolar uchun ikki yillik sinov davri belgilanadi.