«Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi zimmasiga 2019 yil 1 yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlar to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifa yuklatilsin», — deyiladi O‘zbekiston prezidentining 22 noyabrdagi farmonida.

Ushbu sanadan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar aholi tomonidan to‘lov amalga oshirilgan o‘tgan oydan keyingi oyning o‘ninchi sanasidan kechikmay yagona tranzit bank hisobvaraqlariga to‘lanadi.

Farmonga muvofiq, 1 yanvardan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘lovlarni iste’molchilar va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida tuziladigan shartnomalarga muvofiq bevosita xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga 100 foiz oldindan to‘lash asosida amalga oshiradi.

Majburiy to‘lovlar to‘lash bo‘yicha jismoniy shaxslardan qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi arizalar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan to‘lov olti oydan ortiq to‘lanmagan taqdirda sudlarga kiritiladi.

Hujjatda sohani rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator muammolar sanab o‘tiladi. Jumladan:

  • to‘lov intizomi darajasining pastligi qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarning (keyingi o‘rinlarda — xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar) moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, asosiy fondlarni yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiya kiritish imkoniyatlarini cheklamoqda, shuningdek, ushbu sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilishga to‘siq bo‘lmoqda;
  • iste’molchilarning va ular tomonidan to‘langan to‘lovlarning yagona hisobi amalda yuritilmayapti, bu esa ushbu sohada naqd pul mablag‘lari bankdan tashqari aylanishiga va ularni o‘zlashtirish holatlariga zamin yaratmoqda;
  • mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hududlarni sanitar tozalash va ulardagi ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun yetarli moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlarga ega emas;
  • mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik bitimlari doirasida hamkorlikning aniq ma’muriy va bozor mexanizmlari ishlab chiqilmagan.

Davlat ekologiya qo‘mitasi hududiy organlari huzurida yuridik shaxs tashkil qilmagan holda sanitar tozalash xizmatlarini tashkil etish markazlari tashkil etiladi. Har bir tuman (shahar)ga sanitar tozalash markazining bir nafardan mutaxassisi biriktirilib, ular tegishli tuman (shahar)da faoliyat yuritishi hamda tuman (shahar) hokimliklari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish ishlariga, shuningdek, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga mas’ul ekanligi belgilandi.

Quyidagilar sanitar tozalash markazlarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari ko‘rsatilishini tashkil etish uchun hududlarni tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirish maqsadida elektron tanlovlarni uyushtirishda buyurtmachining ishchi organi vazifasini amalga oshirish;
  • qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlarni to‘lovchi jismoniy shaxslarning (shu jumladan, ular bilan birga yashaydigan shaxslarning) haqqoniy hisobi tuman (shahar) hokimliklari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda yuritilishini, shuningdek, ushbu axborot qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimiga o‘z vaqtida kiritilishini tashkil etish;
  • davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar hamda aholiga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish haqidagi shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarning xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun tariflarni belgilangan tartibda shakllantirishni tashkil etish;
  • Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari maxsus g‘azna hisobvaraqlarida jamlangan mablag‘lar hisobidan markazlashgan to‘lovlarni amalga oshirish orqali aholiga ko‘rsatilgan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan o‘zaro hisob-kitoblarni ta’minlash;
  • jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda hududlarni sanitar tozalash va chiqindilar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish;
  • Byuro, tuman (shahar) hokimliklari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish.

Davlat ekologiya qo‘mitasi 2019 yil 1 yanvarga qadar byuroga tegishli vazifalar o‘tkazilishini inobatga olib, «Toza hudud» va «Maxsustrans» davlat unitar korxonalaridagi yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uy-joylar uchastkalari nazoratchilari shtatlar sonini qisqartiradi.