Sentyabrda tashkil etilgan «Raqamli ishonch» raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi davlat muassasasi Universal Mobile Systems (UMS) uyali aloqa operatorining yangi egasi bo‘ldi. O‘zbekiston prezidentining 21 noyabrdagi qarori bilan UMS ustav kapitalidagi davlat ulushi 100 foiz jamg‘armaga topshiriladi.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur qarori raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy infratuzilmani qo‘llash maqsadida qabul qilindi.

Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) va «Raqamli ishonch» jamg‘armasiga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda ikki oy muddatda samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari (KPI) va mamlakatda raqamli iqtisodiyotni joriy etish uchun zarur texnik bazani yaratish bilan bir qatorda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019−2021 yillarda «Universal Mobile Systems» MCHJni rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqishi va tasdiqlashi belgilandi:

  • operatorning boshqaruv tizimiga, shu jumladan, mobil xizmatlar ko‘rsatish sohasida yetarli tajribaga ega malakali mutaxassislarni jalb etish orqali innovatsion menejmentni joriy etish;
  • ichki kuch va mablag‘larni safarbar etish, telekommunikatsiya uskunalarini modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlash;
  • O‘zbekiston hududini rivojlangan mamlakatlar darajasida internet global tarmog‘iga ulanish imkoniyatlari bilan imkon qadar to‘liq qoplashni bosqichma-bosqich ta’minlash;
  • barcha davlat xizmatlarining faqatgina operatorning ma’lumotlarga ishlov berish markazlari orqali ko‘rsatilishini ta’minlash.

Mobil operatoriga faqat o‘z tijorat ehtiyojlari uchun, boshqa operator va provayderlarga ovozli telefoniya va internet trafigi xalqaro kanallarini tashkil etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqisiz xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga (ma’lumotlar va ovoz uzatish tarmoqlariga), shu jumladan, «IP-telefoniya» texnologiyasidan foydalangan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi berildi.

UMS bosh idorasi AT va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Toshkentning Nukus ko‘chasidagi binosiga joylashtiriladi.