San Jay taxallusi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi xonanda va kompozitor Sanjar Javberdiyev «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi litsenziya olishi uchun soqolini olishni talab qilganini aytdi. Bu haqda ijrochi «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Sanjar Javberdiyev (1978 y. t.) — asli navoiylik. Rus, tojik va o‘zbek tillarida qo‘shiqlar kuylaydi. Ko‘p yil davomida Rossiyada yashab, faoliyat ko‘rsatdi, 2010 yilda Checheniston Respublikasi Xalq artisti unvoni sohibi bo‘ldi. Uning yangi ijod namunasi - Sherali Jo‘rayevning «Karvon ko‘rdim» qo‘shig‘ining kaver talqini internetda qisqa muddatlarda ommalashdi. Biroq xonandaning litsenziyasi bo‘lmagani sababli uni radio va TV orqali efirga uzatish mumkin emas.

«Ikki oy avval men litsenziya olish uchun zarur hujjatlarni topshirdim. Ular mening konsert direktorimga soqolsiz fotosuratimni olib kelishni aytishdi. Keyin o‘zim bordim, ular hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun olishdi va shunday deyishdi: „Ehtimol, soqolsiz baribir qo‘yishmaydi“. Ikki oydirki, aniq javob berishmadi. Oxirgi marta Furqat (Shavazov, Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi direktori) bilan uchrashganimda, soqol bilan kelsam o‘tkazishmasligini aytdi», - dedi Sanjar Javberdiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘z qo‘shiqlarini televideniye orqali emas, faqatgina radio orqali efirga uzatishni xohlagan, biroq baribir rad javobini olgan.

«Men hech qachon „O‘zbekkonsert“ tufayli o‘z imidjim va bu dunyoga bo‘lgan qarashlarimni o‘zgartirmasligimni aytdim. Keyin faqat mening konsert direktorim Abdumalikni taklif qilgan Odil (Abduqahhorov, „O‘zbekkonsert“ direktori) bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U Odilning quyidagi so‘zlarini yetkazdi: „[Soqolini] olsin, aks holda litsenziya bo‘lmaydi“. Shundan so‘ng men hammasiga tupurdim va internetda ishlashga qaror qildim, yana qanday bo‘lishi kerak?» - dedi xonanda.

Sanjar Javberdiyev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi. «Men bu haqda prezident bilishini xohladim, chunki, aminmaki, prezidentimiz - dunyoqarashi keng inson. Yangi prezident kelib, ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganidan so‘ng men o‘zbek tilida kuylash uchun keldim. Mening o‘zbek tilida 40 ta qo‘shig‘im bor. O‘zbekcha qo‘shiqlarning Amerika, Yevropa va boshqa joylarda yangrashini istayman. Nima uchun yaxshi musiqa yarata olmaymiz, nima uchun bizni qolipga solishadi?» - dedi musiqachi.


San Jay Dushanbeda. Qo‘shiqchining Instagram-sahifasidagi rasm.

«Menga soqolim yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deyishayapti. Qanday qilib? U holda nima uchun butun shahar bo‘ylab soqoldagi Amir Temur, Alisher Navoiy va boshqa ota-bobolarimizning haykallari va portretlari turibdi? Menga soqol bilan chiqish qilish mumkin emasligi yozilgan hujjatni ko‘rsatishmadi», - dedi Sanjar Javberdiyev. Yaqinda Toshkentda konsert beridagan qo‘shiqchi Timatining ham soqoli bor, deya boshqa bir misol keltirdi u.

San Jay manfaatlarini himoya qiluvchi saundprodyuser Malik Qodirov litsenziya olish uchun arizani ko‘rib chiqish uchun qo‘shiqchi soqolini olishi va «O‘zbekkonsert» badiiy kengashi qarshisida bir nechta qo‘shiqni kuylab berishi kerakligini ma’lum qildi. Biz shunchaki ko‘rib chiqishga kelmadik. Internetda barchasi bor, u Checheniston Respublikasi Xalq artisti, nima sababdan kuylashi uchun uni chaqirishlari kerak?" - dedi u.

«O‘zbekkonsert» direktori Odiljon Abduqahhorov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda litsenziyani berish-bermaslik to‘g‘risidagi qarorni «O‘zbekkonsert» emas, balki Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzuridagi ijodiy ko‘maklashish vakillari guruhi qabul qilishini aytdi.

«Guruh 15 nafar taniqli xalq artistlaridan iborat. O‘z mezonlari bor: ular ovoz, qo‘shiq, matn, iqtidoriga baho beradi. Nizom talablariga asoslanib qaror qabul qiladi», - dedi u.

«O‘zbekkonsert» rahbari Sanjar Javberdiyev guruhning har o‘n besh kunda bir marta o‘tkaziladigan navbatdagi yig‘ilishiga taklif etilishini ta’kidladi. «U yig‘ilishga taklif etiladi. Mayli soqoli bilan kelsin. Berish yoki bermaslik to‘g‘risidagi qarorni guruh qabul qiladi», - dedi u.

Odiljon Abduqahhorov musiqachining soqolini olish talab qilingani haqidagi bayonotiga izoh bermadi.