Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasining 150 nafar shifokori va 150 nafar hamshiralari tuman mutasaddilari, keng jamoatchilik oldida qasamyod qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligi saytida xabar berildi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimovning viloyat tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvlarida sohadagi kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va ularning kelgusida bartaraf etish yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirildi.

— Tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda soha xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilib, buning uchun davlat va mahalliy byudjetdan ajratilayotgan mablag‘ salmog‘i oshdi. Shahar va qishloqlarimizda yangi zamonaviy tibbiyot muassasalari tashkil etildi. Sohada xususiy tarmoqning roli kengaymoqda. Endi soha xodimlari ham eskicha ish uslublaridan voz kechib, zamon talablariga mos faoliyat ko‘rsatishi lozim. Asosiy maqsad — xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularning tizimdan roziligiga erishish bo‘lishi kerak, — deya ta’kidladi viloyat rahbari.

Kattaqo‘rg‘on tumanida ham ushbu belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar boshlandi. Avvalo, tibbiyot xodimlarining mas’uliyatlarini oshirishga e’tibor qaratildi.

Shu munosabat bilan joriy yil 20 noyabr kuni tuman tibbiyot birlashmasining 150 nafar shifokori va 150 nafar hamshiralari tuman mutasaddilari, keng jamoatchilik oldida qasamyod qabul qildi.