MTS uyali aloqa kompaniyasi (Rossiya) AQSHning Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi hamda AQSH Adliya vazirligi tergovi natijalariga tayyorgarlik yuzasidan 55,8 mlrd rubl (850 mln dollarga yaqin) hajmda zaxira tayyorlab qo‘ydi. Bu haqda RBK xabar qildi.

Kompaniya vakilining izoh berishicha, gap MTSning O‘zbekistondagi faoliyatiga taalluqli tergov haqida ketmoqda. «Guruh tergov bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirmoqda», — dedi u. MTS prezidenti Aleksey Kornya kompaniya ehtimoliy majburiyatlar to‘g‘risida aniqroq tasavvurga ega ekanini ta’kidlab o‘tdi.

2014 yilda AQSH Adliya vazirligi va SEC MTS, Veon («VыmpelKom"ga egalik qiladi) va Shvetsiyaning Telia Company AB kompaniyalariga nisbatan O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoridagi korrupsiya bo‘yicha tergov harakatlarini boshlagan edi. Boisi ushbu uch kompaniya Amerika fond birjalarida oldi-berdilarni amalga oshirgan.

2016 yil fevralida VimpelCom ish bo‘yicha AQSH hukumati bilan tinchlik kelishuvi shartlari borasida bir to‘xtamga kelib, 795 mln dollar to‘lagan edi. 2017 yil sentyabrida esa Telia 965 mln dollar jarima to‘laganini e’lon qildi.

MTS O‘zbekiston bozorini 2016 yilning avgustida tark etdi. U o‘z ulushini UMS operatoriga sotdi.