Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 15−16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi buyurdi. Tashrif chog‘ida davlat rahbari Mo‘ynoq tumanida ham bo‘lib, mahalliy aholi vakillari bilan uchrashdi. Fikr-mulohaza va takliflarni tingladi. Bu haqda Mo‘ynoq tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, xalq deputatlari tuman kengashi deputati Jamila Davletova «Ma’rifat» gazetasida e’lon qilingan maqolasida ta’kidlab o‘tdi.

Jamila Davletovaning aytishicha, tumanni malakali tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar bilan ta’minlash borasida prezidentdan yordam so‘ralgan. Tumanda ishlayotgan tibbiyot xodimlarining to‘rtdan bir qismi pensiya yoshidagilardan iborat, yana salmoqli qismi boshqa tumanlardan qatnab ishlamoqda. Shunday bo‘lsa-da, tibbiyot muassasalarida yana 13 ish birligiga teng bo‘sh o‘rin bor. O‘qituvchilar orasida ham xuddi shunday holat.

Bu fikrlarni tinglagan Shavkat Mirziyoyev shu yerning o‘zida Mo‘ynoq tumani yoshlari uchun davlat granti asosida 25 ta tibbiyot, 25 ta pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha kvota ajratishga ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, boshqa tumanlardan qatnab ishlaydigan tibbiyot mutaxassislarini turarjoy bilan ta’minlash, markaziy shifoxona va sil kasalliklari shifoxonasiga bittadan avtoulov ajratish to‘g‘risidagi iltimos ham prezident tashrifi doirasida ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.