Qashqadaryo viloyati Koson tumani «Araliq» mahallasida yashovchi fuqaro Majburiy ijro buyurosi xodimlari, mahalla posboni va mahalla uchastka noziridan iborat ishchi guruhni uyga kiritishni istamay qarshilik ko‘rsatadi va baland ovozda ularni har xil so‘zlar bilan haqoratlaydi. Ushbu harakatidan foyda bo‘lmagach, bolta bilan ularni uydan quvib chiqarmoqchi bo‘ladi. Xullas, xonadon egasi hokimiyat vakillarini uyga kiritmaslikka qattiq qarshilik ko‘rsatadi, deya xabar qildi O‘zA.

Aniqlanishicha, fuqaro yashash uyining yordamchi xo‘jalik binosida yashirin ravishda qo‘lbola usulda tayyorlangan sex tashkil qilib, chigitdan yog‘ hamda kunjara mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarayotgani fosh etildi. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fosh etilgan 112 litr iste’molga yaroqsiz juvoz yog‘i, jami 3,5 mln so‘mlik mahsulotlar tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.


Foto: O‘zA

Bundan tashqari, fuqaro elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda ulanib, 32 kun davomida davlat va jamoat manfaatlariga 3,2 mln so‘mdan ziyod moddiy zarar yetkazgan.

Fuqaroga nisbatan chigitdan olinadigan mahsulotlarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish va muomalagi kiritish jinoyatini sodir etganligi sababli O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari hamda hokimiyat vakilining qonuniy harakatiga qarshilik ko‘rsatgani sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.