21 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida sudlanuvchi, Kattaqo‘rg‘on shahri IIB katta tezkor vakili lavozimida ishlagan San’at Umarovga (1988 yilda tug‘ilgan) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari O‘tkir Mamadaliyev tomonidan ko‘rib chiqildi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, S. Umarovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 2-qismi «a», «z» bandlarida va 241−1 moddasida (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda (etishda) aybdor deb topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi S. Umarovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) moddasi tartibida 3 yil mansabdorlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi hamda jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashni belgiladi.

Shuningdek, sud tomonidan sudlanuvchi va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Eslatib o‘tamiz, 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIBda San’at Umarov va boshqalar o‘g‘irlikda gumon qilib olib kelingan ayolni tahqirlab, yechinishga majburlagan. Umarov ushbu jarayonni videotasvirga olgan va keyinchalik u «Ozodlik» radiosi tomonidan e’lon qilingan. Kattaqo‘rg‘ondagi hodisa ichki ishlar organlarida qator «tozalash"larning amalga oshirilishiga sabab bo‘ldi — yoz oxiriga qadar IIV O‘zbekiston bo‘ylab tuman va shahar IIBlariga 30 ga yaqin boshliqlar tayinlanganini ma’lum qildi.