O‘zbekistonda issiqxona komplekslarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarga 200 million AQSH dollaridan kam bo‘lmagan hajmda mablag‘lar jalb qilinadi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 noyabrda «Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ushbu maqsadlar nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, 2019 yilda zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish, shu jumladan, mazkur qarorning 1-ilovasida keltirilgan loyihalarni amalga oshirish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi, boshqa xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlarining kredit liniyalari hisobiga 200 million AQSH dollaridan kam bo‘lmagan hajmda mablag‘lar jalb qilinadi.