O‘zbekiston Moliya vazirligi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalar orqali sotilayotgan tabiiy gaz narxlari asossiz ravishda oshirilganini ma’lum qildi.

Moliya vazirligi tahlillari 16 noyabrdan AGTSKlarda tabiiy gaz narxlari 300−400 so‘mga (1700−1800 dan 2000−2200 so‘mgacha) oshirilganini ko‘rsatdi. Narxlarning bu kabi 17 foizga oshirilishi hech qanday asosga ega emasligi ta’kidlanadi.

16 noyabr kuni energoresurslar tariflari rasman oshirilgunga qadar AGTSKlarda gaz 1 kub metri uchun 789,74 so‘mdan (ulgurji-sotish narxi — 289,74 so‘m, maxsus investitsiya ustama narxi — 500 so‘m) sotilgan. 16 noyabrdan narxlar 800 so‘mgacha, ya’ni bor-yo‘g‘i 10,26 so‘mga qimmatlashgan (investitsion ustama bekor qilinib, narxga qo‘shib yuborilgan).

«Agarda narxlar 2018 yil 15 noyabr kungacha bo‘lgan holatga tushirilmasa, vazirlik transport vositalari uchun benzin, dizel yonilg‘isi va gaz iste’moli uchun soliq stavkasini ko‘paytirish orqali noqonuniy yo‘l bilan olinayotgan daromadlarni olib qo‘yish taklifi bilan chiqishga yoki boshqa fiskal choralarni ko‘rishga majbur bo‘ladi», — deyiladi bayonotda.

Davlat raqobat qo‘mitasi, O‘zdavneftgazinspeksiya va davlat soliq xizmati organlariga insofsiz raqobat holatlarini aniqlash va qonunchilikda o‘rnatilgan choralarni ko‘rish maqsadida AGTSKlardagi narxlar ustidan qat’iy monitoring yuritish bo‘yicha topshiriqlar berildi.