O‘zbekiston hakamlarga videoyordam tizimlarini (VAR) joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning Hawk-Eye Innovations Ltd kompaniyasi Osiyo mintaqasi bo‘limining boshqaruvchi direktori Ben Krossing bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

«O‘zbek futboliga VAR tizimini olib kirish ham bugungi kunda oldimizda turgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi», — dedi Umid Ahmadjonov.

Ben Krossing VAR tizimini o‘rnatish uchun 4−8 oy vaqt ketishini ma’lum qildi. Xorijiy kompaniya VAR tizimini joriy etish bilan bir qatorda mutaxassislar uchun treninglar tashkil etishda ham ko‘maklashishi lozim.

VAR tizimi 2016 yilda Futbol assotsiatsiyalari xalqaro kengashi tomonidan tasdiqlangan. Hozirda VAR ko‘plab Yevropa chempionatlari - ispan La Ligasi, Italiya, A Seriyasi, Germaniya Bundesligasi va Fransiya 1-Ligasida foydalanib kelinmoqda.

Angliya Premer-ligasi 2019/20 mavsumdan hakamlarga videoyordam tizimlarini joriy etish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi.