Toshkent IIBB noma’lum shaxslar tomonidan O‘zbekiston hududida aylanishi taqiqlangan tramadol dori vositasini sotganlikda ayblangan shaxslarning o‘zboshimchalik bilan jazolangani tasvirlangan videoyozuvni o‘rganmoqda, deya xabar qildi IIBB matbuot xizmati.

«Ushbu videoga aloqador shaxslardan biri militsiya xodimlari tomonidan topilgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, videoda sodir bo‘layotgan voqealar hozirgi kunda kimligi aniqlangan shaxslar tomonidan sahnalashtirilgan «, — deyiladi xabarda.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, tasvir fevral oyi oxirida yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida tramadol va «lirika» dori vositalarini tarqatishda ishtirok etganlarni qo‘rqitish maqsadida yozib olingan.

Odamlarni videotasvirga tushirgan, yoki so‘roq qilayotgan odamning ovozini taniganlar Toshkent shahar IIBBga 71−281−90−91 va 71−281−90−92 telefonlari orqali murojaat qilishlari mumkin. Anonimlik kafolatlangan.