O‘zbekiston Moliya vazirligi Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, mustaqil xalqaro ekspertlar va xalqaro auditorlik kompaniyalari mutaxassislarini jalb etgan holda tayyorlangan Soliq kodeksining Maxsus qismining dastlabki nashrini muhokama uchun e’lon qildi.

Ushbu loyiha prezidentning 29 iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini hisobga olgan holda tayyorlandi. Unda quyidagilar ko‘zda tutilgan:

  • barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etish;
  • yillik aylanmasi (daromadi) 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun soliqni 4 foiz miqdordagi bazaviy stavkadan kelib chiqib hisoblash va to‘lash tartibini hamda ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash imkoniyatini belgilash;
  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasini joriy etish va fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallarini bekor qilish;
  • davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning aylanmasidan (yalpi tushumidan) undiriladigan majburiy ajratmalarni bekor qilish va boshqalar.

Soliq kodeksining Umumiy qismi ustida olib borilayotgan ishlar yakunlanish arafasida va 1 dekabrgacha qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha bo‘lim e’lon qilinadi.

SKning Maxsus qismining e’lon qilinishi O‘zaro aloqador shaxslarga soliq solish masalasini ishlab chiqish zarurligi bilan bog‘liq. O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish va tashqi iqtisodiy faoliyat jadallashishi sharoitida bunday bitimlar soni ortib borayotganligi bois bu alohida e’tiborni talab qiladi.

Umumiy qismda transfert narx belgilash masalalari, jumladan, nazorat qiluvchi xorijiy kompaniyalar va o‘zaro aloqador shaxslarni belgilash, «nozik kapitallashtirish» qoidalari va qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarga soliq solish xususiyatlarini aks ettirish rejalashtirilmoqda. Transfert narx belgilash bo‘yicha alohida qonun loyihasi ham ishlab chiqildi.

Soliq kodeksining yangi Umumiy qismi asosida Maxsus qismning ayrim boblariga, ayniqsa transfert narx belgilash va nazorat qiluvchi xorijiy kompaniyalar qismida qo‘shimcha ishlov beriladi.