O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ayollar uchun maxsus tezkor, Respublika doirasida yagona qisqa raqamli «1146» «ishonch telefoni» ishga tushirilishiga erkaklar tomonidan jiddiy qarshiliklar bo‘lganini aytdi, deya xabar berdi O‘zA.

Poytaxtdagi «City Palace» mehmonxonasida BMTning «Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida"gi Konvensiyasi (CEDAW) qo‘mitasi tavsiyalarining bajarilishi yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqdi.

Norboyevaning ta’kidlashicha «1146» ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilishib, ustidan shikoyat tushgan erkaklar jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilishlaridan xavotir olganlar. Hozirgi kungacha mazkur telefonlar orqali 7 mingga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, bir kun davomida eng ko‘pi bilan 50−60 taga yaqin qo‘ng‘iroq amalga oshirilgan.

«Erkaklar qo‘zg‘aloni» bo‘ldi, ular ayollar uchun umuman maxsus ishonch telefonlari ishga tushirilishini istashmadi. Biz ularga bu huquqiy-maslahat, psixologik qo‘llab-quvvvatlash maqsadida tashkil etilganini tushuntirdik. Biz tushkunlikka tushgan ayolning ko‘nglini ko‘tarib, agar muammo erkak kishida bo‘lsa, u bilan ham muloqot o‘tkazishni ko‘zlagan edik. Maqsadimiz — ularni jazoga tortish emas, balki ular bilan suhbat o‘tkazib, to‘g‘ri yo‘lga solish", deydi Norboyeva.