O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Muloqot avvalida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muloqot davomida davlat rahbarlari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasidagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar, jumladan, 2019 yilda Toshkentda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ishlari xususida fikr almashildi.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari keng ko‘lamli hamkorlikni bundan buyon ham faol rivojlantirish, qardosh O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlari manfaatini, mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilishi qat’iy ekanini ta’kidladilar.