Toshkentda shu kunlarda bo‘lib o‘tayotgan qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha o‘smir qizlar o‘rtasidagi jahon kubogida O‘zbekiston sportchilari tarixda ilk marotaba kubok shohsupasiga ko‘tarildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Musobaqaning jamoaviy yo‘nalishida ishtirok etgan sportchi qizlar turnir davomida Moldova va Germaniya terma jamoasi vakillarini mag‘lub etdi. Final bosqichida esa rossiyalik raqiblarga mag‘lub bo‘ldi va kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Bahslarda O‘zbekiston sharafini Zaynab Dayibekova, Sevinch Ismoilova, Shaxnoza Tog‘aymurodova va Aysulu Usnatdinova himoya qildi.


Yakkalik bahslarida bosh mukofotga bolgariyalik Yoana Iliyeva ega chiqdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar mos ravishda rossiyalik sportchilar Valeriya Kobzeva va Alina Mixaylovaga nasib qildi.

Qayd etish lozimki, mazkur natijadan so‘ng qizlar jahon reytingida 12-o‘ringa ko‘tarildi. Osiyo qit’asida esa kuchli uchlikka kirib oldi.