Fransiyada shanba kuni 250 mingga yaqin kishi mamlakatda dizel yoqilg‘isi va benzin uchun soliqlar hajmi oshirilishiga qarshi «sariq jiletlar» namoyishlarida ishtirok etdi, deya xabar qildi BBC rus xizmati.

Namoyishlar vaqtida 100 dan ortiq kishi jarohatlandi, 50 nafarga yaqin kishi politsiya tomonidan ushlangan bo‘lsa, namoyish ishtirokchisi bo‘lgan 63 yoshli ayol halok bo‘ldi.

Aksiya qatnashchilari butun mamlakat bo‘ylab yo‘llarda harakatlanishni to‘xtatib qo‘ydi. Parijda aksiya yurish hamda piyodalar o‘tish yo‘llarida harakatga xalal berish ko‘rinishlarida o‘tkazildi. Namoyishchilar Yelisey saroyiga yetib borganida, politsiya ko‘zda yosh oqizuvchi gazdan foydalandi.

Bir yil davomida mamlakatda dizel yoqilg‘isi o‘rtacha 23 foizga o‘sib, bir litri 1,51 yevroga yetdi. Narxlar Emmanuel Makron hukumati dizel yoqilg‘isi va benzin uchun soliqlarni oshirgani munosabati bilan ko‘tarildi.

Mamlakat prezidenti ekologik toza yoqilg‘i va qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi ishlanmalarni rag‘batlantirish, shuningdek mamlakatning neftga qaramligini kamaytirish uchun soliqlarni oshirish zarurligini ta’kidlamoqda.

2019 yil boshida narxlarning yana bir bor oshishi kutilmoqda va bu «sariq jiletlar» harakatining vujudga kelishiga zamin yaratdi. Aksiya nomi esa har bir mashinada bo‘lishi majburiy hisoblangan jilet rangi bilan bog‘liq. Rasmiy yetakchilari bo‘lmagan harakat jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda va unda tez-tez prezident iste’fosiga chaqiriqlar yangramoqda.

Namoyishlardan so‘ng bosh vazir Eduar Filipp kam daromadli haydovchilarga moliyaviy yordam ajratilishi to‘g‘risida ma’lum qildi.