Qoraqalpog‘istonning barcha shahar va tumanlarida 15-30 noyabr kunlari «Asal bayrami» o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Jumladan, Nukusda ochilgan «Asal bayrami"da 80 ga yaqin asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi fermer, dehqon xo‘jalik rahbarlari ishtirok etmoqda. Unda jiyda, qizilmiya, yantoq, oq tol va boshqa o‘simliklaridan asal hamda propolis, mum va asalari suti kabi mahsulotlari, shuningdek, asalarichilik sohasida qo‘llaniladigan asbob-uskunalar namoyish etilmoqda.


«Tadbirni o‘tkazishdan maqsad aholini sifatli, tabiiy va arzon asalarichilik mahsulotlari bilan ta’minlash, asal mahsulotlarining o‘ziga xos foydali va shifobaxsh xususiyatlarini keng targ‘ib qilishdan iborat», — deydi «O‘zbekiston asalarichilari» assotsiatsiyasi raisi Sherali Suyarqulov.

Qayd etilishicha, bir paytlari O‘zbekistonda 40 ming tonnagacha asal mahsulotlari chet davlatlarga eksport qilingan. Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida esa faqat 58 tonna mahsulot arab davlatlariga, Rossiya, AQSH, Malayziya davlatlariga eksport qilingan. Sohani rivojlantirishga Isroil davlatidan mutaxassislar jalb qilinmoqda. Janubiy Koreyaning tadbirkorlari ham Qoraqalpog‘istonda yetishtirilgan asal mahsulotlarini sotib olishga qiziqish bildirmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda asalarilari uyalari, ular uchun zarur uskunalar va asalarichilik sohasida qo‘llaniladigan inventarlar, maxsus transport vositalari bilan tirkamalar va boshqalar lizing shartnomasi asosida yetkazib berilmoqda. Asalarichilik xo‘jaliklari asal yig‘ish mavsumi davomida o‘rmon fondi yerlaridan, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar (davlat qo‘riqxonalari, biosfera rezervatining muhofaza qilinadigan zonasidan tashqari), tabiiy pichanzorlar, yaylovlar hamda qishloq xo‘jaligi yerlaridan imtiyozli shartlarda foydalanmoqda.