19 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatda bo‘lib turgan «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» hamraislari Trent Kelli va Visente Gonsaliz boshchiligidagi AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zolari guruhi bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Delegatsiya tarkibidan Vakillar palatasi muhim qo‘mitalarining respublikachi va demokrat a’zolari o‘rin olgan.

Vazir, avvalo, kongressmenlarni yaqinda bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlarda qayta saylanganlari bilan tabrikladi va AQSH Kongressining quyi palatasida ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor «O‘zbekiston bo‘yicha kokus"ning tuzilganligini e’tirof etdi.

Bo‘lib o‘tgan suhbatda prezident Shavkat Mirziyoyevning may oyidagi AQSHga rasmiy tashrifi va uning Prezident Donald Tramp bilan olib borgan sermahsul muzokaralari natijasida keng qamrovlik va jadallik kasb etayotgan O‘zbekiston-Amerika kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda o‘zbekistonlik va amerikalik parlamentariylar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi izchil rivojlanayotgan hamkorlikning ijobiy jarayonlarni qonuniy mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning may oyida Amerika Qo‘shma Shtatlariga qilgan tashrifidan so‘ng «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» tuzish va uning tarkibiga yetakchi kongressmenlarni birlashtirishda erishildi. Vashingtonda O‘zbekiston rahbari yangi tuzilmaga boshchilik qilish va uning faoliyatiga Vakillar palatasining boshqa yetakchi a’zolarini jalb qilishga tayyorligini bildirgan Missisipi shtatidan kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi Kongress a’zolari guruhi bilan uchrashgan edi. Kokusga yana bir yetakchi qonun chiqaruvchi — texaslik Visente Gonsaliz hamrais bo‘ldi.

Avgust oyi oxirida AQSH Kongressi ma’muriyati Vakillar palatasida «O‘zbekiston bo‘yicha kokus"ni rasman ro‘yxatga oldi. Kokus amaliyotiga muvofiq, bir yilda ikki marta Amerika-O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘llari muhokama qilinadi. Birinchi uchrashuv yanvar oyi boshida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonga tashrif AQSH Kongressi a’zolarining mamlakat haqida xabardorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan.