O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15−16 noyabr kuni Qoraqalpog‘istonga safari davomida Nukus shahrini ko‘zdan kechirib yurib, yosh kelin-kuyovning to‘yiga ham tashrif buyurgan edi. Davlat rahbari yosh kelin-kuyovga baxt tilab, oilasi mustahkam bo‘lishini tiladi. 17 noyabr kuni yosh kelin-kuyovlarga Nukusdagi «Qumbiz ovul» OFY hududida qad rostlagan ko‘p qavatli uylarning biridan prezident sovg‘asi — turar joy sovg‘a qilindi, deya xabar qildi O‘zA.

«Bizning nikoh to‘yimiz haqiqiy baxt to‘yiga aylandi, — deydi yosh kelin-kuyov Sultan Torenov va Hurliman Arziyevalar. — Shu kuni biz kechda bo‘lib o‘tadigan yoshlar to‘yi oldidan Nukus shahrining chiroyli joylarini aylanib yurgandik. Sayl davomida tamaddi qilish uchun kichik bir qahvaxonaga kirdik. Bir payt biz o‘tirgan yerga prezident kirib keldi va bizni baxt to‘yimiz bilan qutladi. U paytdagi his-tuyg‘ularimizni aytib yetkazish qiyin, albatta. Prezidentimiz to‘yimizga sovg‘a sifatida uy berdi. Buning uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdormiz. Kelgusida o‘quvlarimizni muvaffaqiyatli tamomlab, mamlakatimizning rivojiga hissa qo‘shadigan mutaxassis bo‘lishga harakat qilamiz».

Sultan va Hurliman ikkalasi ham talaba. Ular Qoraqalpoq davlat universitetining Texnologiya fakultetida 4-kursda bitta guruhda tahsil oladi. Sultanning ota-onasini uyi Qorao‘zak tumanining Madaniyat ovul fuqarolar yig‘inida, kelin Hurlimanning uyi esa Nukus shahrida. Endi ular shaharning zamonaviy qismida birgalikda istiqomat qiladi.

Shuningdek, shu kuni davlat rahbari tashrif buyurgan 8-sonli poliklinikaga Prezident sovg‘alari — «Spark» avtomashinasi, davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyatini boshlagan «Naushe» maktabgacha ta’lim muassasasiga bolalar o‘yinchoqlari tantanali ravishda topshirildi.