18 noyabr kuni ertalab avstraliyalik marafonchi xonim Guli Yemma Serafina Lindsey (Guli Mina) Nukusdan Orol dengizi sari yugurib ketdi. Butun dunyo bo‘ylab 100 kun ichida 100 ta marafonni amalga oshirayotgan avstraliyalik xonimning maqsadi — dunyo hamjamiyati e’tiborini suv muammosiga qaratishdir, deya xabar qildi O‘zA.

«Men amalga oshirayotgan tadbir „Yuz marafon, Yuz kun, Bitta sabab: Suv“ deb nomlanadi. Qoraqalpog‘istonga tashrifimdan maqsad bu Orol atrofida muammoni ko‘rsatish emas, balki ushbu muammoni bartaraf qilishda odamlarning birlashayotganini ko‘rsatish hamda butun dunyo hamjamiyatining shunga e’tiborini jalb qilishdir, — deydi marafonchi Guli Mina. — Orol muammosini bartaraf qilishda xalqingiz tomonidan ko‘p ishlar amalga oshirilgani meni mamnun qildi va men buni boshqalarga e’lon qilish niyatim bor. Mening orzuim — butun dunyo ahli birlashib Sizlarga yordam berishi. Chunki, Orol muammosi nafaqat Orolbo‘yi mintaqasi, balki butunjahon muammodir».


Stokgolmdagi Global suv hamkorligi (GWP) tashkiloti hamda BMTning Taraqqiyot Dasturi hamkorligida o‘tkazilayotgan «Yuz marafon, Yuz kun, Bitta sabab: Suv» sport-targ‘ibot aksiyasi butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilmoqda. Aksiya ijrochisi Guli Minaga shifokor, oshpaz, videoperator, fotograf, ekspeditsiya rahbari hamrohlik qilmoqda. Ular O‘zbekistonda, Orolbo‘yida ushbu tadbirni 7 kun davomida amalga oshiradi.

Mazkur tadbir joriy yil 4 noyabr kuni Nyu York shahridan boshlangan. Marafonchi har kuni 42,2 km masofani yugurib o‘tadi. Orol dengizigacha bo‘lgan marafonni uyushtirishda Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi agentligi hamkorlik qilmoqda.

Aksiya ishtirokchilari marafon davomida Mo‘ynoqdagi «Kemalar qabristoni"ga tashrif buyuradi, so‘ng Uchsoy qishlog‘i orqali 160 km uzoqlab ketgan G‘arbiy Orol sohillariga qarab yugurishni davom ettiradi. Qaytishda esa Mo‘ynoqdagi Daryooralig‘i suv saqlagichiga boradi. Marafonchining kelgusi safari Xitoy davlatida davom etadi.

Avstraliyalik marafonchi xonim Guli Yemma Serafina Lindsey Nukus shahrida marafon oldidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Musa Yerniyazov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Baxitjan Sagiydullayev bilan uchrashdi.