Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 noyabr kuni Latviya Respublikasi e’lon qilinganining 100 yilligi munosabati bilan prezident Raymonds Veyonisni qutladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

1918 yilning 18 noyabr kuni Rigada «Mustaqillik to‘g‘risidagi akt» qabul qilinib, unga ko‘ra Latviya mustaqil davlatga aylangan edi. Biroq shundan keyin ham mamlakatda ikki yil davomida hokimiyat tepasidagi Antanta tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Karlis Ulmanisning burjua hukumati va sobiq Ittifoq ko‘magi ostidagi sotsial-demokratlar o‘rtasida harbiy harakatlar davom etdi. Yakunda 1920 yilning 11 avgust kuni Rigada sobiq Ittifoq va Latviya o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanib, Latviya Respublikasi mustaqilligi tan olinadi. 1921 yilning 26 yanvarida esa Birinchi jahon urushida g‘olib chiqqan mamlakatlar - Antantaning boshqa mamlakatlari ham Latviya mustaqilligini tan oladi.

Biroq Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Latviya sobiq Ittifoqning bir qismiga aylanadi va 1991 yil avgustiga qadar uning tarkibida qoladi. 18 noyabr latish xalqi uchun muhim ahamiyatga ega sana hisoblanadi. Chunki aynan shu kuni Latviya tarixida ilk bor mustaqil parlament respublikasiga aylangan.