Professional ringda faoliyat olib borayotgan bokschi Azizbek Abdug‘ofurov bugun Filippinda o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Jangda o‘zbekistonlik bokschiga xitoylik Vujati Nuyerlang raqiblik qildi. Bahs to‘liq 12 raund davom etdi va yakunda o‘zbek bokschisi ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozondi (117:111, 118:111, 117:110).

Ushbu g‘alaba orqali Abdug‘ofurov o‘zining WBC Silver kamarini munosib himoya qildi.

Ma’lumot uchun, Azizbek Abdug‘ofurovning professional boksdagi janglari soni bugungisi bilan qo‘shib hisoblaganda 12 taga yetdi. U janglarining barchasida g‘alaba qozongan. To‘rtta jangda u raqiblarini nokautga uchratgan. Nuyerlang esa bugun faoliyatidagi 13-jangini o‘tkazdi. U bungacha 11 marotaba raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan (9 tasida nokat evaziga). Abdug‘ofurovga qarshi jangda u faoliyatidagi ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.