Qoraqalpog‘istonda 128 nafar ayolning uy-joy olishi uchun 5,2 mlrd so‘m boshlang‘ich to‘lov to‘lab berildi, deya xabar qildi O‘zA O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati xabariga asoslanib.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Qoraqalpog‘istonda 303 nafar ayol uyli bo‘ldi. Shundan Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan nogironligi bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 128 nafar ayolga 5 mlrd 22 mln so‘m miqdorida uy olish uchun dastlabki badal pullari to‘lab berildi.

Yaqinda qo‘mita tomonidan taxiatoshlik 11 nafar ayolga uylarning kalitlari topshirilishi ham ayollar baxtu iqbolini, saodatli yashashini ta’minlashdek ezgu ishlar bilan hamohangdir.

O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi davlat rahbarining 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish hamda ayollar tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratmoqda.

Xususan, mamlakat iqtisodiyotida ayollar tadbirkorligi ulushini oshirish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2018 yilning o‘tgan davri mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 3,2 mlrd so‘m ajratilgan. Kredit mablag‘lari yillik 7 foiz shart bilan ayollar tadbirkorligini boshlash yoki rivojlantirish maqsadida taqdim etildi.

Joriy yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 20 mingga yaqin ishsiz ayol aniqlangan. Hozirda ulardan 18 ming 184 nafarini ish bilan ta’minlashga erishilgan.