Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti dekan muovini Rustam Abduraupov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Respublika biznes va boshqaruv oliy maktabiga rahbar etib tayinlandi. Bu haqda O‘zA oliy maktab axborot xizmatiga tayanib ma’lum qildi.

Rustam Abduraupov (1985 y. t.) Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaliini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (2005) va Toshkent moliya institutini (2007) tamomlaganidan so‘ng o‘zining ilmiy-tadqiqot faoliyatini Denver universiteti (AQSH) va Vageningen universitetida (Niderlandiya) davom etdi.

Rustam Abduraupov O‘zbekiston, AQSH va Niderlandiyadagi yetakchi universitetlarida o‘qitish va ularni boshqarish bo‘yicha katta tajribaga ega.

Yosh iqtisodiyot fanlari doktori mahalliy va chet el nashrlarida chop etilgan o‘nlab ilmiy maqolalarga ega. Shu sababli u 2017 yilda Germaniyada o‘tkazilgan 17 nafar iqtisodiyot sohasidagi Nobel mukofoti sohiblari bilan bir haftalik uchrashuvga taklif etilgan edi.

Uning «Chet el investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiy salohiyatini boshqarishning metodologik jihatlari» monografiyasi fan olami va biznes vakillari orasida alohida talabga ega.

Yangi direktor rahbarligida oliy maktab jamoasi RBBOMga yuklatilgan vazifalarni bajarishni niyat qilgan. Xalqaro tajribani faol joriy etish, yetakchi fan-ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, double degree (qo‘shaloq diplom) magistratura dasturlarini akkreditatsiya qilish bo‘yicha rejalar qisqa muddatda amalga oshiriladi.