Tovar-moddiy boyliklarning yurtimizga noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yish bo‘yicha Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora tadbirlar natijasida bir qator bojxona qoidabuzarliklari fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, kuni kecha o‘tkazilgan tadbir davomida, «Vodil-Farg‘ona» yo‘nalishida harakatlanayotgan fuqaro M.I boshqaruvida bo‘lgan «Neksiya» rusumli avtomashina boshi berk ko‘chaga kirib qolgan vaqtida to‘xtatildi. Bu paytda esa haydovchi javobgarlikdan qochish maqsadida mashinaga ortilgan yuklarni tashqariga uloqtira boshladi.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, muqaddam qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi xujjatlari bo‘lmagan 12 dona «LED TV» nomli 32 dyumli rangli televizorlarni avtomashinasiga yuklab olib ketayotganligi aniqlandi. Mazkur televizorlarning umumiy qiymati esa 13,2 million so‘mni tashkil etmoqda.

Ta’kidlash joizki, jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tishning miqdor normalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, jismoniy shasxlar endilikda shaxsiy foydalanish maqsadidagi televizorlarni 6 kalendar oyida 1 marotaba olib kirishlari mumkin.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.