«O‘zbekiston havo yo‘llari"ning HY-427 Toshkent-Mumbay reysi samolyoti yo‘lovchilardan birida yurak xuruji ro‘y bergani tufayli Samarqandga favqulodda qo‘ndi. Bu haqda aviatashuvchi Telegram-kanalida xabar berdi. Trapda yo‘lovchini tez tibbiy yordam karetasi kutib oldi va uni viloyat markazidagi shifoxonalardan biriga olib ketdi.

Samolyot 00:05 da Toshkentdan havoga ko‘tarildi. Samolyot uchishdan ko‘p o‘tmay, Afg‘oniston hududiga kirgan vaqtda yo‘lovchi o‘zini yomon his qildi. Yo‘lovchining ahvolini baholagan ekipaj shoshilinch ravishda ortga qaytish hamda uni yirik shaharlardan birining aeroportiga yetkazishga qaror qildi.

Samarqand yaqin va yo‘lovchini qabul qilishga qodir yirik tibbiy muassasalar mavjud eng maqbul shahar bo‘lib chiqdi.

Yo‘lovchi kasalxonaga yotqizilgandan so‘ng, samolyot parvozni davom ettirdi va bir oz kechikish bilan soat 6: 15da Mumbayga qo‘ndi.

Uzbekistan Airways kompaniyasi yo‘lovchilardan noqulayliklar uchun kechirim so‘radi.