Ish beruvchilar xodimlarga ish haqi hisoblash paytida ulardan soliq qarzdorligi mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnomalarni talab qilishi noqonuniy, deya ma’lum qildi Adliya vazirligi.

So‘nggi 5 oy davomida markazlar tomonidan 81 mingdan ortiq ma’lumotnomalar berilgan (mazkur xizmat iyunda ishga tushirildi). Adliya vazirligi o‘tkazgan monitoring natijalari, asosan, tibbiyot, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari ish beruvchilari tomonidan shu kabi ma’lumotnomlar talab etilayotganligini ko‘rsatdi. Xususan, O‘zbekiston tumanida (Farg‘ona) 75 ta va Jondor tumanida (Buxoro) 65 ta holatda tibbiyot muassasalari xodimlaridan ish beruvchilari ma’lumotnomalar talab etganligi faktlari aniqlandi.

Bu kabi ma’lumotnomalar talab etilishining sabablaridan biri sifatida, ayrim hollarda soliq organlarining yer va mulk soliqlarini o‘z vaqtida undirishda amaliy yordam berish haqidagi xatlari asos bo‘lib, bunda xodimlar davlat xizmatlari markaziga murojaat etishga majbur bo‘lishgan.

«Manfaatdor idora va tashkilotlar, zarur hollarda, soliq organlaridan bu kabi ma’lumotlarni so‘rovnoma yuborgan holda mustaqil olishlari mumkin. Bunda, xodimda soliq qarzdorligi aniqlansa, ish beruvchi qarzdorlikni undirish haqidagi sud yoki davlat ijrochisining hujjati asosida uning oylik maoshidan ushlab qolish huquqiga ega», — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Qonun hujjatlari bilan jismoniy shaxslardan quyidagi hollarda soliq qarzdorligi mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnomalar talab etilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan, masalan:

fuqarolar turar joylarni almashtirish maqsadida tuman (shahar) hokimligiga ariza berganda yoki mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatsiz 15 yil davomida yer uchastkasiga egalik qilgan shaxs murojaat etganda;

maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik amalga oshirilganda;

ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bitimlari notarial tasdiqlanganda va boshqa shu kabilarda.

Ish beruvchi tomonidan qonunda belgilanmagan ma’lumotnomalar yoki hujjatlar taqdim etish talab qilinsa yoxud bunga majburlansa, Adliya vazirligining 1008 qisqa raqamli ishonch telefoniga yoki info@minjust.gov.uz elektron pochtasi va ijtimoiy tarmoqlar (Feysbukdagi «Adliya bilan muloqot/Dialog s yustitsiyey» guruhi, Odnoklassniki va boshqalar) orqali murojaat etish mumkin.