13 noyabr kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida O‘zbekiston bosh konsulxonasi joylashgan bino qarshisida mamlakat davlat bayrog‘ini tantanali ko‘tarish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bosh konsulxona manzili: Karl Libknext ko‘chasi 22-uy.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, tantanali marosimda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov, Sverdlov viloyati Xalqaro va tashqi savdo vaziri Vasiliy Kozlov, Rossiya TIVning Yekaterinburgdagi Vakili Aleksandr Xarlov, Yekaterinburgda akkreditatsiya qilingan bosh konsullar, boshqa rasmiy shaxslar va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.

Shu kunning o‘zida konsullik muassasasi ochilishi sharafiga Sverdlov viloyati rasmiy shaxslari, chet ellik diplomatlar, biznesmenlar va o‘zbek diasporasi vakillari hamda Sverdlov viloyati Gubernatori Yevgeniy Kuyvashev ishtirokida rasmiy qabul bo‘lib o‘tdi.

«Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan qayd etilganidek, Ural federal okrugi va Sverdlov viloyati ma’muriy markazida joylashgan yangi diplomatik vakolatxona O‘zbekiston va Rossiya mintaqalarini, ikki davlat xalqlarini bog‘lovchi yana bir ko‘prik bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Shu kunning o‘zida bosh konsulxonaning birinchi tadbirlaridan biri — «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» nomli mamlakat turistik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Barcha tashkiliy masalalar hal etilguniga qadar bosh konsulxona tomonidan hozirgi vaqtda faqat konsultativ ko‘mak ko‘rsatilmoqda (WhatsApp va Telegram raqami +79655194222).