Toshkentda Madaniyat vazirligi hamda Teatr arboblari uyushmasi hamkorligida Yosh rejissyorlarning «Debyut-2018» V respublika ko‘rik-festivali o‘tkazilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu festival 15−20 noyabr kunlari o‘tkazilishi belgilangan. Ko‘rik-festivalini o‘tkazishdan maqsad, yosh rejissyorlar, yosh aktyor, dramaturg va sahna rassomi sohalari bo‘yicha ijodkorlarni aniqlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni tarannum etuvchi badiiy barkamol sahna asarlari yaratishlari uchun yosh ijodkorlarda tajriba hamda professional mahoratning shakllanishiga ko‘maklashish va rivojlantirishdir.

Kecha soat 17:00 da O‘zbek milliy akademik drama teatri foyesida teatr aktyorlari turli obrazlarda festivalga tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olishdi, turli ko‘rgazmalar tashkil etildi, so‘ng Madaniyat vazirligi boshqarma boshlig‘i va teatrning ustoz ijodkorlari tomonidan «Debyut-2018» V respublika ko‘rik-festivalining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda madaniyat vazirining festival ishtirokchilariga yo‘llangan tabriknomasi o‘qib berildi.

Shundan so‘ng, yosh ijodkor rejissyor tomonidan Chingiz Aytmatov asari asosida sahnalashtirilgan «Oq kema» spektali namoyish etildi.

Spektaklda ko‘tarilgan mavzu insonlar orasidagi mehr-oqibat, oilaga bo‘lgan e’tibor, do‘stga sadoqat, Vatanga muhabbat kabilardan iborat.

Eslatib o‘tamiz, besh kun davomida o‘tadigan «Debyut-2018» V respublika ko‘rik-festivaliga tomoshabinlarni kirishi bepul.